SamDTU akademik litseyda "Bir asrning ikki dahosi" mavzusida adabiy-ma'rifiy kecha o'tkazildi. Tadbirda buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʼrin tutganligi haqida ma'lumot berildi. Ikki buyuk siymo sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʼoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʼz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʼrin egallagan. Badiiy-adabiy kechada akademik litseyning 106-guruh o'quvchilari hamda sheriyatga orzumand talabalari faol ishtirok etishdi. Tadbir avvalida akademik litsey direktori b.f.n dots. Xurshida Irgashevna Navoiy va Bobur qoldirgan boy ijodiy merosni oʼrganish va targʼib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʼxtalib oʼtdi. Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan shoirning “Navoiy va Guli monologi” hamda “Yodgor va Husayn Boyqaro” sahna ko'rinishlari namoyish etildi. Bundan tashqari, mahorat bilan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar va raqslar barchaga a'lo kayfiyat bag'ishladi. Tadbirni oʼtkazishdan maqsad buyuk siymolar asarlarini chuqur oʼrganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy gʼoyalarni yoshlar orasida keng targʼib qilish, yoshlarda Vatanga muhabbat hissini shakllantirishdan iboratdir.